топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Ada Lavleys - jahonning ilk ayol dasturchisi

2016 йил "Соғлом она - соғлом бола йили"
Matematika fani «erkaklar shug‘ullanadigan soha» bo‘lib hisob­langan davrlarda, ziyoli, badavlat kiborlar muhitida tarbiyalanib, voyaga yetgan Ada Lavleys keyinchalik kompyuter fani (yoki informatika) deb atalgan soha bilan shug‘ullana boshladi. Bu davrda odatda, Londondagi ziyoli, kiborlarga xos oilalarda tarbiyalangan qizlar hashamatli xonadonlarda tashkil etiladigan zi­yofatlar, «bal» oqshomlariga tashrif buyurish hamda badavlat, obro‘li insonlarga turmushga chiqishni orzu qilardilar. Ada Lavleys esa ucha oladigan apparatni loyihalashtirish orzusida edi. U yangi ixtirolar haqidagi nashrlarda chop etilgan maqolalarni mutolaa qilar, orzusidagi bug‘ asosida ishlaydigan dvigatelli qurilmani yaratish haqida xayol surar, chuqur fikr yuritib, mushohada qilar hamda uchishga imkon beruvchi qanot uzunligining tana vazniga nisbatini aniqlash uchun qushlar anatomiyasini o‘rganardi.
Ada yaratgan loyiha Uilyam Xenson va Jon Stringfelloular­ning «Havo bug‘li ekipaji» («Aerial Steam Carriage») uchun patent olishga topshirilgan arizadan 15 yil ilgari yaratilgandi. O‘shanda Ada 12 yoshda edi, biroq shu vaqtdayoq uning ayollarga xos bo‘lmagan aniq fanlar, ayniqsa, matematikaga qiziqishi aniq namoyon bo‘lgandi. Ingliz shoiri, lord Jorj Gordon Bayronning qizi, Milbenkda tavallud topgan Anna Izabella Bayron — Ada Lavleys otasining yo‘lidan bormadi. Buning o‘rniga u xali dastlabki kompyuter yaratilishidan ancha ilgari o‘zining xususiy «tili»ni yaratib, jahonda birinchi kompyu­ter dasturini yozdi.
«Ada Lavleys — bu musiqa hamda boshqa san’at turlari uchun hisoblash mashinalarida foydalanilishi ehtimolini bashorat qila olgan haqiqatda hayratga munosib shaxsdir, — deydi Syu Sharman-Anderson (Suw Charman-Anderson), ijtimoiy texnolog va Xalqaro Ada Lavleys (Ada Lovelace Day) kunining asoschisi. — Ada Lavleys o‘z davridan shu qadar ilgarilab ketgan ediki, hattoki, uning tengdoshlari, zamondoshlari uni tu­shuna olmasdilar».
O‘z davri ilmiy tafakkurlaridan o‘zib ketgan shaxs
Avgusta Ada Bayron 1815-yil 10-dekabrda tavallud topgan. U mashhur shoir lord Bayronning yagona qonuniy farzandi edi. Biroq lord Bayron umid bilan kutgan farzandi «ajoyib o‘g‘ilcha» bo‘lib tug‘ilmaganligidan qattiq hafa bo‘lgan. Rafiqasi bilan ajrashgan Bayron Gretsiyaga ketib, u yerdan boshqa hech qachon Ang­liyaga qaytib kelmagan.
Lavleysni go‘dakligidan onasi va zodagonlardan bo‘lgan buvisi tarbiya qiladilar, shuningdek, u enaga hamda o‘qituvchilardan ham dastlabki ta’lim-tarbiya asoslarini oladi. U davrlarda ayol kishilardan jamiyatda hech qanday buyuk ishlar kutilmagan ham, shu boisdan, qiz bolalar asosan ijtimoiy-gumanitar fanlarnigina o‘rganishlari hamda jamiyatda o‘zlarini tutish qoidalarinigina o‘zlashtirishlari talab etilgan. Biroq Bayron xonim qizidagi qiziqishlarga alohida e’tiborli bo‘lgan. Qizida ham avloddan-avlodga o‘tuvchi, otasi kabi «xavfli shoirona xislatlar» rivojlanishidan cho‘chigan. U Adaga matematika va tabiiy fanlardan saboq beruv­chi o‘qituvchilarni yollagan. O‘qituvchilari orasida jamiyat islohotchisi Uilyam Frend (William Frend), shotlandiyalik oilaviy shifokor hamda astronom va matematik Uilyam King (William King), Qirollik astronomlar jamiyati (Royal Astronomical Society) ning a’zosi bo‘lgan birinchi ayol — Meri Somervill (Mary Somerville)lardan dars oldi.
Ta’lim jarayonining boshidayoq Lavleysda matematika faniga alohida qiziqish, iqtidori mavjudligi namoyon bo‘ldi u har jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Hattoki, yonida bo‘lmagan otasi ham uning matematika bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlagandi. «Aytishlariga qaraganda, qizim juda aqlli emish, — degan ekan shoir, kunlardan birida. — Biroq umid qilamanki, unda shoirona xislatlar mavjud bo‘lmaydi. Bunday qobiliyat, agar umuman, mazkur iqtidorni qobiliyat deb atash mumkin bo‘lsa, uning bahosi shunchalik qimmatga tushadiki, farzandimning bunday holatni his etmasligi uchun ushbu fazilat chetlab o‘tsin deb duo qilgan bo‘lardim».
Matematik ayol
Lavleysning o‘qituvchilaridan biri belgilar mantig‘i fanining asoschisi, London Universiteti (University of London) kollejining matematika fani professori Ogastes (Avgust) de Morgan (Augustus de Morgan) edi. Ayollarga universitetda tahsil olishga ruxsat berilmaganligi sababli de Morgan Lavleysga matematikadan maktub orqali saboq berisga rozi bo‘ladi. U qizning matematik iqtidoridan hayratlanib, dilida qarama-qarshi fikrlar tug‘yonini his etardi.
ada_7_07_2016_1
Bir tarafdan, u yosh qizning qobiliyatidan hayratda qolgandi, biroq shu bilan birga, allaqanday g‘ayrioddiy xavfni ham his etardi, sababi matematika faqat erkaklar mashg‘uloti bo‘lib hisoblanardi. Aslida, de Morgan Lavleys haqida «matematika sohasida ajoyib tadqiqotchi va hattoki, bundanda kattaroq ta’sirga ega» iste’dod sohibi deb aytgan bo‘lsa ham, «ayollar jismonan erishishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlari doirasidan ortiq» og‘ir tafakkurga ega shaxs sifatida undan cho‘chirdi. Biroq Lavleys yengilmas kuch bilan intiluvchan inson edi. Nihoyat Lavleys 17 yoshga to‘lganida uning maqsad tomon intiluvchanligi o‘z samarasini namoyon eta boshladi.
U matematik va ixtirochi Charlz Bebbij bilan tanishdi. Mazkur uchrashuv uning hayotini o‘zgartirib yubordi. Bebbij Lavleysga matematik hisoblash ishlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan mashinasi modelini ko‘rsatdi. Lavleys ushbu ixtirodan lol qolgandi. Bebbij esa shu tariqa, uning ustozi hamda do‘stiga aylangandi.
Bir necha yillardan keyin Lavleysdan Bebbijning boshqa ixtirosi — aslida, mazmun-mohiyati bilan mexanik kompyuter bo‘lib hisob­langan analitik mashinalar haqidagi maqolasini tarjima qilib beri­shini iltimos qilganlar. Lavleys bu ishni o‘ziga ko‘rsatilgan katta ishonch va sharaf deb hisoblagan. Maqolaning asli italiyalik muhandis Luidji Menabrea (Luigi Menabrea) tomonidan fransuz tilida yozilgandi. Lavleys fransuz tilini mukammal bilganligi uchun maqolani nafaqat ingliz tiliga tarjima qilgan, balki unga ko‘plab izohlar, shu­ningdek, mashinaga oid o‘z fikrlari hamda g‘oyalari bilan to‘ldirgan. Mazkur maqolaning tarjimasi uning aslidan uch marta katta hajmli bo‘lib, Lavleys Bernulli analitik mashinasining qanday qilib sonlarni hisoblash jarayoni sxemasini qadamma-qadam ifodalab bergandi.
ada_7_07_2016_2
Oddiy so‘zlar bilan aytganda, Ada Lavleys jahonda birinchi dasturiy algoritmlarni ishlab chiqqan. «Analitik mashinalar go‘yo Jakkardaning to‘qimachilik stanogi kabi gullar va barglarni yaratgani kabi algebraik algoritmlarni to‘qiydi», — deb yozgandi u, mashina ramz hamda belgilarni qanday boshqarib, sonlarni takrorlanib sikllarga aylanishga majbur bo‘lishini izohlaydi.
Lavleys xulosa qilib, mashina shunchaki matematik hisoblash ishlaridan ko‘ra yanada kattaroq imkoniyatlarga qodirligini ta’kidlagandi. Lavleys qachonlardir mazkur mashinalardan musiqa yoki san’atning boshqa turlarini yaratishda foydalanish mumkinligiga ishonardi. Lavleys maqolasining tarjimasi, izohlari bilan 1843-yilda ingliz ilmiy jurnallaridan birida chop etilgan — bu zamonaviy kompyuterlar yaratilishidan deyarli bir asr ilgari sodir bo‘lganligi bilan insonlarni hayratga soladi.
Ada Lavleys merosini o‘rganish
Lavleysning hayot-faoliyati davrida uning maqolalariga kam e’tibor qaratilgan bo‘lishiga qaramay, uning vafotidan ancha keyin 1953-yilda, B. V. Bouden (B. V. Bowden) o‘zining raqamli kompyuterlar tarixi haqidagi «Tezkor fikrlar» («Faster than Thought») nomli kitobida Lavleys­ning ilmiy ishlarini chop etishi natijasida Ada­ning ilmiy qarashlari mashhurlikka erishdi. Shu vaqtdan boshlab Lavleys faoliyati va shaxsiga yangi avlod xotin-qizlarini mazkur maxsus fan, texnologiya, muhandislik hamda matematika (STEM) sohalarini o‘zlashtirishga ilhomlantirivchi asos sifatida katta hurmat va e’tibor qaratila boshlandi.
ada_7_07_2016_3
AQSHda dasturlashtirish tillaridan biri Ada Lavleys sharafiga «Ada» deb atalgan. Bundan tashqari, unga Googleda dudl ham bag‘ishlangan. 2015-yilda Lavleys tug‘ilganining 200 yilligini ni­shonlash tadbirlari doirasida Oksford universitetida simpozium o‘tkazildi, unda sohadagi so‘nggi yutuqlar bilan bir qatorda, Ada Lavleys faoliyatiga oid tadqiqotlar ham taqdim etildi. Shuningdek, mazkur simpoziumda matematika, hisoblash va sun’iy intellekt sohasidagi g‘oyalari hamda zamonaviy qarashlar o‘rtasidagi il­miy yoshdashuvlar ham taqdim etildi. Bundan tshqari, 2009-yilda Syu Sharman-Anderson Xalqaro Ada Lavleys kuni (Ada Lovelace Day)ni ta’sis etdi, uning doirasida Lavleysning, shuningdek, umuman texnologiyalar sohasida faoliyat yurutuvchi barcha ayollar­ning erishgan yutuqlari alohida nishonlanadi. 2015-yilda, Xalqaro Ada Lavleys kunida jahonning 25dan ortiq mamlakatlarida tashkil etilgan 150ta turli mustaqil tadbirlar o‘tkazildi.
Manbaa: infocom.uz

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.